2026-yil 7–9-aprel kunlari “O‘zekspomarkaz” MKK” AJ hududida tog‘- kon, metallga ishlov berish va kimyo sanoati, shuningdek xavfsizlik, transport va maxsus texnika sohalariga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston, Yevropa, Xitoy, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlardan 200 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma ekspozitsiyasi 1 va 2- sonli pavilonlar hamda ochiq maydonda joylashgan.
“UzMiningExpo-2026” — “Tog‘ - kon sanoati uchun texnologiyalar va uskunalar” ko‘rgazmasida zamonaviy uskunalar va ilg‘or texnologiyalar, foydali qazilmalar konlarini qidirish usullari va vositalari, burg‘ulash texnikasi, yerosti tunnellarini qazish uchun transport vositalari va boshqa ko‘plab yangiliklar taqdim etiladi.
“UzMetalMashExpo-2026” — “Metallurgiya va metallga ishlov berish. Stanoksozlik. Mashinasozlik. Payvandlash” yo‘nalishida metallga ishlov berish va o‘lchash uskunalarining yangiliklari, stanoksozlik va payvandlash uchun butlovchi qismlar va xizmatlar, induksion eritish va qizdirish tizimlari, aylanma tayanchlar hamda komponentlar namoyish etiladi.
“UzTechTransExpo-2026” — “Transport, logistika, maxsus texnika, avto sanoat” ko‘rgazmasi avtomobil sanoati, transport, maxsus texnika va logistika sohalaridagi eng so‘nggi yutuqlarni namoyish etadi.
“UzSecureExpo-2026” — “Xavfsizlik texnologiyalari, yong‘inga qarshi himoya, IT-xavfsizlik, mehnat muhofazasi” yo‘nalishida mehnat xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, IT-xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi xavfsizlikni ta’minlash texnologiyalari taqdim etiladi.
“UzChemPlastExpo-2026” — “Kimyo. Plastmassa. Laboratoriya va analitika” ko‘rgazmasi kimyo va plastmassa sanoati uchun zamonaviy texnologiyalar hamda uskunalarni namoyish etadi.
Ko‘rgazmalar tashkilotchisi — “International Expo Group” kompaniyasi.